Bitta kitob o'qigan mahbusning jazo muddati uch kunga qisqartirilishi mumkin UzNur.uz
O‘zbekistonda 1 ta kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqartirilishi mumkin
O‘zbekistonda endi mahkumlar 1 ta kitob o‘qish orqali o‘tayotgan jazo muddatini 3 kunga qisqartirishi mumkin bo‘ladi. Bu uchun mahkum o‘qigan kitobi bo‘yicha imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Tegishli qonun deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zbekistonda mahkumlar kitob o‘qishi orqali jazo muddatini qisqartirishi mumkin bo‘ladi. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, qonunchilikka xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob o‘qishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha yangi 74−1-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, faqat jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ushbu kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tarbiyalash yo‘li bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlashni belgilash bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536−1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80−1-moddasi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
kitob, mahbus




