Toshkent shahar transporti endi tungi soat 22:00 dan ertalab 06:00 gacha avtobuslar bilan ta’minlanadi. Bu haqda 12-avgust kuni xalq deputatlari shahar kengashida Toshkent shahri transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Allayor Norbo‘tayev ma’lum qildi.
Norbo‘tayevning qayd etishicha, mazkur loyiha Prezidentning 2022-yilda qabul qilingan 232-sonli qarorida ko‘zda tutilgan. Avtobuslar aeroportlar, temiryo‘l vokzallari, metro bekatlari, tungi turizm ko‘chalari, savdo va ko‘ngilochar markazlar, yirik dehqon bozorlari, talabalar yotoqxonalari va shifoxonalar orqali harakatlanadi.
Dastlab 15 ta yo‘nalish ikki bosqichda, yarim soatlik interval bilan yo‘lga qo‘yiladi. Yo‘nalish raqamlari T1, T2 kabi “tungi avtobus” sifatida belgilanadi. Chipta narxi kunduzgi narx bilan bir xil bo‘lib qoladi. Norbo‘tayevning ta’kidlashicha, loyiha bo‘yicha o‘rtacha 33 milliard so‘m mahalliy budjetga yuklama tushadi (tushum hisobga olinmagan holda).
Toshkent shahar hokimiyati avtobuslarni qizil rangga bo‘yashni taklif qilgan. Mazkur tashabbus Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasida ham nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra tungi vaqtda ishlaydigan xizmatlar, madaniy tadbirlar va jamoat transporti haqida ma’lumot beruvchi mobil ilovalar ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.




