Tabiiy ofatlardan jabrlangan oilalar uchun BHMning 150 baravarigacha mablagʻ ajratilishi mumkin

Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Prezident farmoniga koʻra, 2025-yil 1-apreldan boshlab ijtimoiy yordamlar va moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimi qayta koʻrib chiqiladi. Yangi tartiblar asosida kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar va ehtiyojmand shaxslarga manzilli yordam taqdim etilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish orqali yordam berish jarayonini yanada shaffoflashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yangi islohotlar doirasida “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari orqali koʻrsatiladigan yordamlar kengaytirildi. Endi uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq ijtimoiy yordamlar oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalarga ham berildi. Bundan tashqari, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalaridan ajratiladigan mablagʻlarni madaniy-maʼrifiy, sport va taʼlim tadbirlarini tashkil etishga yoʻnaltirishga ruxsat etildi.
Ijtimoiy yordamlarni taqdim etish jarayonini soddalashtirish maqsadida, kambagʻal oilalar reyestridagi shaxslar uchun qoʻshimcha ariza berish talabi bekor qilindi. Endi barcha murojaatlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali koʻrib chiqiladi. Oilaning moliyaviy holati esa idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholanadi.
Shuningdek, 2025-yil 1-apreldan boshlab kambagʻal oilalar uchun bir qator subsidiya va moddiy yordamlar joriy qilinadi. Ijtimoiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida BHMning 60 baravarigacha grantlar ajratiladi. Nogironligi boʻlgan yoshlar uchun parasport toʻgaraklariga qatnashi uchun yoʻl haqi xarajatlari qoplab beriladi. Shuningdek, 6 oy davomida muntazam ravishda sport yoki sanʼat toʻgaraklariga qatnagan yoshlar maxsus sport kiyimlari, musiqa yoki cholgʻu asboblari bilan taʼminlanadi.
Tabiiy ofatlardan jabrlangan oilalar uchun ham qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmoqda. Uy-joylarini tiklash va taʼmirlash uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali BHMning 150 baravarigacha mablagʻ ajratilishi belgilangan. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyatlarida suv taʼminotini yaxshilash maqsadida artezian quduq qazish, suv nasoslari va ichimlik suv filtrlarini xarid qilish uchun subsidiya taqdim etiladi. Bunda xarajatlarning 90 foizi davlat tomonidan qoplanadi.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga ham bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi. 2025-yil 1-maydan boshlab bunday shaxslarga BHMning 6 baravari miqdorida nafaqa toʻlanadi. Shuningdek, hududiy hokimliklar huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga yanada kengroq koʻmak berishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish doirasida tibbiy xizmatlar ham yangi formatda moliyalashtiriladi. 2025-yil 1-maydan boshlab davolash va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali qoplanishi belgilangan. Bu oʻzgarishlar aholining ehtiyojmand qatlamlariga tibbiy yordamni samarali va tezkor taqdim etishga yoʻnaltirilgan.
Ushbu islohotlar aholining ijtimoiy himoyasida shaffoflik va adolatni taʼminlashga qaratilgan. Barcha yordamlar avtomatlashtirilgan tartibda taqdim etilishi, resurslar manzilli yoʻnaltirilishi va kam taʼminlangan oilalarning turmush sharoitini yaxshilash maqsad qilingan. Yangi chora-tadbirlar natijasida ijtimoiy himoyaning yanada samarali va keng qamrovli boʻlishi kutilmoqda.




