09:37 / 04.03.2025
9 086

Millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan qon donori vafot etdi

 Qon topshirishi orqali millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan avstraliyalik donor Jeyms Xarrison 88 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda “NBC News” nashri.

Maʼlum qilinishicha, Xarrisonning qoni tarkibida noyob elementlar mavjud boʻlib, u umri davomida 1173-marta donorlik qilgan va millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan.

Xarrison 14 yoshida jiddiy xastalik tufayli muhim operatsiyani boshidan oʻtkazadi. Jarrohlik amaliyotidan soʻng, oʻzi bilan sodir boʻlgan qiyinchiliklarga guvoh boʻlgan Xarrison boshqalarga yordam berishni maqsad qiladi va 1954-yil 18 yoshida ilk bor donor sifatida qon topshiradi.

1964-yilga kelib, Xarrisonning qonida “Anti-D” inyeksiyalarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan antikorlar borligi aniqlanadi. Qon tarkibidagi bunday elementlar koʻplab yosh bolalar hamda yangi tugʻilgan chaqaloqlarda uchraydigan kasalliklar uchun davo vazifasini bajarib, tuzalib ketishiga sabab boʻlgan.

“Oltin qoʻlli odam” taxallusi bilan tanilgan Xarrison 2018-yilda 81 yoshida nafaqaga chiqadi. U 60-yildan ortiq vaqt davomida donorlik qilib, 1173-marta qon va qonning plazmasini bemor ayollar va bolalarga ulashib kelgan.

“Umid qilamanki, kimdir qon topshirishda, donorlik qilishda mening rekordimni yangilay oladi. Eng koʻp xohlaydigan istagim shu. Yaxshi odamlar koʻp, men ham ulardan ilhomlanganman. Boshqalar ham uddalay olishadi”, — degan Jeyms Xarrison vafotidan oldin.

Taʼkidlanishicha, Avstraliyada 1967-yildan buyon Jeyms Xarrison qonidan olingan 3 milliondan ortiq “Anti-D” dozasi 2 million nafardan ortiq onalarning hayotini saqlab qolish uchun ishlatilgan.

“U hech qanday manfaatlarsiz odamlarning hayotini saqlab qolishga intilar edi. Dunyo boʻylab koʻplab oilalar aynan undan ilhomlanib, donorlik qilishga qaror qilgan. Bizga koʻplab tashakkur maktublari keladi”, — deydi uning qizi Treysi Mellowship OAVga bergan intervyusida.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing