Rossiya oʻz hududida Xitoy avtomobillarini sotishni zudlik bilan toʻxtatmoqda
Sanoat vazirligi bayonotidan keyin Rossiyada ayrim rusumdagi Xitoy yuk mashinalarini sotish taqiqlandi.
Rosstandartga ko`ra, SX3258 rusumli “Shacman” avtomashinalari gʻildirakli transport vositalariga qoʻyiladigan bir qator majburiy talablarga, xususan shovqinni cheklash, orqa taglik va yon himoya vositalari va boshqalarga mos kelmasligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, Rosstandart ushbu muammolar hal etilmaguncha ularning savdosini toʻxtatib qoʻygan. Muvofiqlashtiruvchi idora Rossiya bozoriga bunday avtomashinalarni olib kirish va sotish taqiqlanganini eʼlon qildi.
Rossiyaga 15 ming potensial xavfli SX3258 rusumli “Shacman” yuk mashinalari olib kirilgan. Ayni paytda ulardan 2,2 mingtasidan foydalanilmoqda.
Shu yilning 5-fevral kuni Rossiya sanoat va savdo vaziri Anton Alixonov xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilarni mahsulotlarining sertifikatlashtirish talablariga muvofiqligini qatʼiy tekshirish zarurligini maʼlum qilgandi.
Shundan soʻng, Bosh prokuratura 2025-yilning fevralida Xitoyning “Shacman” brendini Rossiyada namoyish qiluvchi “Shacman Motors” MCHJni tekshirishni rejalashtirgani maʼlum boʻldi. Keyinchalik “Shacman Motors” bir turdagi yuk mashinalarining xavfsizlik talablariga javob bermasligi mumkinligi sababli sotishni toʻxtatdi.




