07:50 / 21.03.2025
64 965

“Shimoliy Gʻazo uchun tong otishi qiyin boʻldi, bemorlar kasalxonaga sigʻmayapti”: Gʻazodagi shifoxona rahbari murojaat bilan chiqdi

 

Kecha, 20-mart kuni Isroil Gʻazoning shimoliy hamda janubiy hududlariga zarbalar berishi oqibatida 71 nafar falastinlik, jumladan, ayollar va bolalar halok boʻlgan edi. Gʻazo shimolida joylashgan Indoneziya kasalxonasi direktori Marvan al-Sultonning taʼkidlashicha, shifoxona Isroilning ketma-ket hujumlari oqibatida jarohatlangan bemorlar bilan toʻlib-toshgan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Isroilning 17-20-mart kunlari oraligʻida Gʻazoga qilgan qurolli bosqini oqibatida vafot etganlar soni qariyb 500 nafarga yetgan. Yana yuzlab falastinliklar turli darajadagi tan jarohatlari olgan hamda hududdagi shifoxonalarga joylashtirilgan. Xabar qilinishicha, bemorlarning koʻpayib ketishi natijasida Gʻazo shahridagi Indoneziya shifoxonasida joylar qolmagan. Natijada bemorlarning qabul qilinishi ortga surilmoqda yoki boshqa tibbiy muassasa qidirishga toʻgʻri kelmoqda. Indoneziya kasalxonasi direktorining taʼkidlashicha, ayni paytda tibbiyot muassasasida yoqilgʻi, dori-darmon vositalari hamda tibbiy buyumlar, jumladan, sunʼiy kislorod apparatlari qolmagan. Zaxiralar keskin kamayib, shifoxona iqtisodiy halokatga yuz tutgan. “Shimoliy Gʻazo uchun tong otishi qiyin boʻldi. Biz koʻp sonli yaradorlarning ehtiyojlariga javob berishda qiyinchilikka duch kelyapmiz. Bir kechada 82 yarador va 43 ta jasad olib kelindi. Bemorlar koʻp, biroq joylar cheklangan. Zaruriy vositalar yetarli emas”, — deydi Marvan al-Sulton. Maʼlumot uchun, avvalroq, Gʻazo shifoxonasida koʻngilli boʻlib ishlayotgan avstraliyalik shifokor Muhammad Mustafo Isroilning mazkur bosqinlari oqibatida jabrlanganlarning holati haqida achinarli bayonot bilan chiqqan edi. «Bizdagi mavjud barcha ogʻriq qoldiruvchi dori vositalari tugadi. Ayni vaqtda bemorlar qiynalishmoqda. Ularga berish uchun ogʻriqsizlantiruvchi dorilar yoʻq, zaxiradagilar ham tugagan. Koʻngilli shifokorlar guruhi tuni bilan uxlamasdan ishlayapti. Shifoxonadagi manzara dahshatning oʻzginasi. Jarohat sabab oyogʻi kesib tashlagan yetti nafar qiz bor va ularning hushi joyida. Aslida bunday bemorlar tibbiy nuqtai nazardan olib qaraganda hushsiz boʻlishlari kerak. Bizda bunday sharoit va imkoniyat mavjud emas», — degan shifokor oʻz murojaatida.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing