UZTELECOM kompaniyasi “Afrosiyob” tezyurar poezdida yo‘lovchilar uchun zamonaviy Wi-Fi xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Yangi xizmat safar paytida internetdan samarali foydalanish imkonini yaratadi.
Eng muhimi, mazkur xizmatni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov shaxsan poyezd safar vaqtida sinab ko‘rdi. Vazirning sinov jarayonida ta’kidlashicha, yo‘lovchilar endi yo‘lda ketar ekan, onlayn kitoblar, ta’limiy videolar yoki ish uchun zarur platformalardan bemalol foydalanishlari mumkin.
UZTELECOM’ning mazkur tashabbusi raqamli transformatsiya jarayonlarining yana bir qadami sifatida baholanmoqda. Chunki poyezdlarda ko‘pincha aloqa signallari to‘siqqa uchraydi, ayniqsa metall konstruksiyalar tufayli. Shu sababli, Wi-Fi xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun poyezdlar ichiga maxsus telekommunikatsiya uskunalari o‘rnatildi.
Shuningdek, Transport vazirligiga ham zarur ruxsatlar va texnik ko‘makni taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirildi. Yaqin kelajakda xarid qilinadigan yangi poyezdlar ham boshidanok zamonaviy aloqa uskunalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.
Yangi xizmat yo‘lovchilarning safarini nafaqat qulay, balki mazmunli ham qiladi. Endi yo‘lda kitob o‘qish, ta’limiy kanallardan foydalanish va onlayn xizmatlardan erkin foydalanish mumkin.




