Fargʻona hokimi sportchi Alisher Gʻaniyevga uy sovgʻa qildi
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Oʻzbekiston tarixida yunon-rum kurashi boʻyicha ilk jahon chempioni Alisher Gʻaniyevga Fargʻona shahridan xonadon kalitini topshirdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

“Viloyat hokimi chempionni yutuqlari bilan qutlab, undan umidlar katta ekani, sportning shu turi boʻyicha olimpiada yoʻllanmasini olib, mamlakatimiz bayrogʻini yuqoriga koʻtarishi, madhiyamizni baralla yangrashiga sababchi boʻlishini tiladi. Yurtimizni dunyoga tanitishda oʻz hissasini qoʻshishiga va bundan keyingi faoliyatida ham zafarlar tilab, katta gʻalabalar kutib qolishga umid va ishonch bildirildi”, deyiladi xabarda.
Hokimlikka koʻra, chempionga uy Ekoshahar — “Yangi Oʻzbekiston” massividan berilgan.
Maʼlumot uchun, Alisher Gʻaniyev 2024-yilning oktabr oyida Albaniya poytaxti Tirana shahrida boʻlib oʻtgan sport kurashlari boʻyicha U23 toifasidagi jahon chempionatida -60 kg vazn toifasida ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritgan.
Sportchi shu tariqa Oʻzbekiston tarixida 23 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida yunon-rum kurashi boʻyicha birinchi jahon chempioniga aylangan.




