15:03 / 15.02.2025
121 899

Buxoroda noqonuniy “mayning ferma” fosh etildi

 

Buxoro viloyatida noqonuniy mayning faoliyati bilan shugʻullangan fuqaroga tegishli yashirin ferma fosh etildi. “Oʻzenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Qorakoʻl tumanida yashovchi fuqaro Z.H. xonadonida mayning qurilmalari noqonuniy tarzda elektr tarmogʻiga ulanganligi aniqlandi.

Tekshiruv natijalariga koʻra, fuqaro elektr energiyasini elektr hisoblagichdan tashqari tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri ulab foydalanib kelgan. Ushbu noqonuniy harakat natijasida dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, elektr taʼminoti korxonasiga 1 milliard 271 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

Mazkur huquqbuzarlik boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Hozirda ushbu noqonuniy mayning faoliyati yuzasidan qonuniy choralar koʻrish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish mamlakatning umumiy energiya tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatib, tarmoqlarning yuklamasini orttiradi. Shu sababli, soha mutasaddilari noqonuniy ulanishlar va mayning fermalarini aniqlash boʻyicha qatʼiy nazorat choralarini kuchaytirishni davom ettirmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing