10:27 / 14.02.2025
39 763

Andijonda ota farzandlari uchun 19 ming dollar aliment pulini oldindan toʻladi

Andijon viloyatining Andijon tumanida yashovchi ota farzandlari uchun 19 ming dollar aliment pulini oldindan toʻladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Andijon tuman boʻlimi axborot xizmati xabar berdi.

 

Bildirilishicha, Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudi buyrugʻiga asosan qarzdor T.I.dan undiruvchi M.I. foydasiga 4 nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan. Shunga muvofiq, Byuroning Andijon tuman boʻlimi xodimlari tegishli ijro harakatlarini olib borgan va qarzdor shu kunga qadar aliment pullarini vaqtida toʻlab kelgan.

Ijro harakatlari davomida, taraflar bilan suhbat jarayonida qarzdor aliment toʻlovlarini oldindan toʻlab berishini maʼlum qilgan. Undiruvchi ayol esa bunga xayrixohlik bildirgan.

Taraflar oʻrtasida kelishuvga erishilib, ota farzandlari voyaga yetgunga qadar boʻlgan aliment toʻlovlari uchun oldindan 19 ming dollar, yaʼni qariyb 250 million soʻm miqdoridagi pullarni undiruvchi M.I.ga toʻlab bergan. Undiruvchi M.I. farzandlari voyaga yetgungacha boʻlgan aliment pullari hisobiga ushbu pullarni qabul qilganini bildirib, ijro ishi tamomlanishini soʻragan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing