00:08 / 06.09.2025
28 593

Bir yilda talabalar ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan

 


 Senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasidagi jinoyatchilik masalasi ko‘tarildi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


 Statistikaga ko‘ra, 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan. 2025-yilning dastlabki olti oyida esa 102 ta oliy ta’lim muassasasida 307 nafar talaba turli jinoyatlarga qo‘l urgan. Asosiy jinoyatlar qatoriga yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik va firibgarlik kiradi.


 Muammoning asosiy sabablari sifatida ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani, talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish ishlari sustligi hamda ota-onalar bilan hamkorlikning zaifligi qayd etildi. Natijada ayrim hollarda nosog‘lom muhit yuzaga kelayotgani aytildi.


Keyingi bosqichda vazirdan ta’lim muassasalarida huquqbuzarliklarning oldini olish, tarbiyaviy jarayonlarni kuchaytirish va muammoni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar ko‘rishi kutilmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing