Toshkentda APK-viruslar orqali fuqarolarning pullarini o‘g‘irlagan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Huquq-tartibot organlari poytaxtda noqonuniy faoliyat yuritgan kiberjinoyatchilarni fosh qildi. Aniqlanishicha, 11 kishidan iborat guruh maxsus APK-virusli dasturlar yaratib, ularni tarqatish orqali odamlarning bank kartalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Guruhning besh a’zosi Toshkentda qo‘lga olingan, qolganlari esa boshqa davlat fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan.
Tekshiruv davomida jinoiy guruh a’zolari 133 nafar fuqaroning kartasidan jami 2 milliard 838 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlab, ularni o‘zaro bo‘lib olishgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutaxassislar fuqarolarga telefonlariga noma’lum yoki shubhali manbalardan ilovalar yuklab olmaslik, faqat rasmiy dastur do‘konlaridan foydalanishni qat’iy tavsiya qilmoqda.




