Hukumatning 547-son qaroriga muvofiq, yerosti suv olish inshootlarini suv hisoblash vositalari bilan jihozlash, ularni ro‘yxatga olish va muhrlash tartibi belgilandi. Endi ushbu xizmatni Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali olish mumkin bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, suv hisoblagichsiz yerosti suv inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi. Faqatgina jismoniy shaxslarga shaxsiy va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sutkasiga 5 kub metrgacha suv olish bundan mustasno. Shu bilan birga, faqat O‘zbekiston Respublikasida o‘lchash vositalari davlat reyestriga kiritilgan hisoblagichlardan foydalanishga ruxsat etiladi. Nasosli quduqlarda hisoblagich suv chiqishini boshqarish qurilmasidan oldin, favvorali quduqlar va buloqlarda esa keyin o‘rnatilishi shart.
Davlat xizmati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. So‘rovnoma yuborilgach, hududiy gidrogeologiya stansiyalari va soliq inspeksiyalari 10 kun ichida o‘rnatilgan suv hisoblagichlarni ro‘yxatga olib, muhrlaydi.




