Endi ichki ishlar organlari dronlardan foydalanadi
Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda dronlar yordamida nazorat va profilaktika ishlari olib bormoqda. Tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yilda Buxoroga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Dastlab loyiha Buxoroda boshlangan bo‘lsa, hozirda 5 ta viloyatdagi 84 ta bo‘linma dronlar bilan ta’minlangan. Rejaga ko‘ra, 2026-yil oxirigacha barcha tuman va shahar ichki ishlar bo‘linmalari dronlarga ega bo‘ladi.
Dronlardan foydalanish yo‘nalishlari:
– mayda bezoriliklarni aniqlash va oldini olish;
– ekologik qonunbuzarliklarni nazorat qilish;
– giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlarni kuzatish;
– xavfli hududlardagi huquqbuzarliklarni nazorat qilish.
Shuningdek, dronlarni boshqarish bo‘yicha maxsus kadrlar tayyorlanmoqda. Buxoro va Farg‘onada inspektorlar sertifikat olib, dron boshqarish huquqiga ega bo‘ldi. Rasmiylarga ko‘ra, bu usul huquqbuzarliklarning oldini olishda sezilarli samaradorlik bermoqda.




