O‘zbekistonda yangi harbiy universitet tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar bilan tanishdi. Bu boradagi topshiriq joriy yil 21-fevral kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida berilgan edi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 20 dan ortiq xorijiy davlatning ilg‘or tajribalari chuqur tahlil qilindi va shu asosda harbiy ta’limni isloh qilish bo‘yicha yangi milliy model ishlab chiqildi.
Ushbu model doirasida Qurolli Kuchlar akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etilishi taklif qilindi. Yangi universitet tarkibiga Mudofaa vazirligiga qarashli barcha harbiy ta’lim muassasalari, jumladan, beshta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazi birlashtiriladi.
Yangi tizim doirasida serjantlarni zamonaviy qurollar, taktik usullar va yetakchilik qobiliyatlariga asoslangan holda tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. “2+2” tartibi asosida psixolog, aloqachi, omborchi, ta’minotchi kabi 18 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash tizimi ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchi kursantlari uchun “Oliy Bosh Qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi. Ushbu stipendiyani qo‘lga kiritgan kursantlar bakalavriatni tugatgach, imtihonlarsiz magistraturaga qabul qilinadilar.
Bundan tashqari, oliy harbiy ta’lim muassasalarining 36 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchilar harbiy mutaxassislik diplomi bilan birga fuqarolik kasbini tasdiqlovchi diplomga ham ega bo‘ladilar.
Yangi model doirasida harbiy pedagoglarni tayyorlash, ularni saralash va xorijiy davlatlarda malaka oshirish tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur takliflar davlat rahbari tomonidan ma’qullandi hamda ularni amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.




