09:46 / 29.07.2025
7 339

“Ayollar daftari” jamg‘armasi ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishni boshlaydi

 



2025-yil 23-iyul kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Ayollar daftari” jamg‘armasining faoliyatini kengaytirishga qaratilgan 462-sonli qaror qabul qilindi. Ushbu qaror 26-iyuldan boshlab kuchga kirib, ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda oilaviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.


Qarorga muvofiq, “Ayollar daftari” jamg‘armasi orqali eng yaxshi ijtimoiy loyihalarga 60 baravar bazaviy hisoblash miqdorigacha (taxminan 24 million so‘m) moliyaviy ko‘mak ajratiladi. Mazkur mablag‘lar shaxsiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ayollarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish uchun, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlariga ishlab chiqarishni kengaytirish va ishtirokchilarni o‘qitish kabi maqsadlarda beriladi. Moliyaviy ko‘mak olish uchun loyiha kamida uchta ish o‘rni yaratishini ta’minlashi lozim.


Bundan tashqari, jamg‘arma hisobidan kam ta’minlangan ayollar uchun ijara to‘lovining 50 foizigacha qoplab beriladi. Bu bo‘yicha to‘lovlar miqdori hududga qarab farqlanadi: respublika bo‘yicha 2 BHMgacha, Toshkent, Nukus hamda viloyat markazlarida esa 3 BHMgacha kompensatsiya ajratiladi.


Shuningdek, uy-joy ta’miri uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori ham oshirildi. Avval 30 BHM etib belgilangan ko‘mak hajmi endilikda 50 BHMgacha yetkazildi.


Qarorga ko‘ra, 2025-yil 15-avgustdan boshlab Toshkent va Andijon viloyatlarida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hamda Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi hamkorligida vaucher asosida yordam berish tizimi tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim orqali kam ta’minlanganlar reyestrida bo‘lgan hamda oila a’zosi boshiga to‘g‘ri keladigan oylik daromadi iste’mol xarajatlari minimumining ikki baravaridan kam bo‘lgan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing