O‘rikzor qurilish bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Toshkent shahri, Uchtepa tumanida joylashgan O‘rikzor “Stroy Gorod” qurilish bozori vaqtincha yopildi. Bozor faoliyatining to‘xtatilishi ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek elektr energiyasidan uzilish bilan bog‘liq emas.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan “Oziq-ovqat Standart Karton” MCHJga qarashli savdo binolari va xonadonlarida aniqlangan yong‘inga qarshi talablarga zid holatlar va qonun buzilishlar to‘liq bartaraf etilmagani sababli, bozor faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
2025-yil 13-iyun kuni chiqarilgan 4-1001-2504/48104-sonli sud qaroriga asosan, 27-iyun kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan savdo kompleksining faoliyati rasman to‘xtatilgan.
Bozor faoliyati barcha kamchiliklar bartaraf etilgach va xavfsizlik talablari to‘liq tiklangachgina qayta tiklanadi.




