Avvalroq prezident 4-mart kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida dastlabki ikki oyda poytaxtda aholini ish bilan ta’minlash rejasi 105% ga bajarilgani, buning natijasida 137,8 ming aholi ish bilan ta’minlanganini qayd etdi.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalar belgilangan bo‘lib, uning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida poytaxtda uzluksiz ishlaydigan ko‘chalarni tashkil etish ekanligini ta’kidladi Haydarov.

“Toshkentdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ishlaydigan ko‘chalar tashkil etiladi. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi”, — dedi u.

Shuningdek, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 1 076 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari belgilab olingan hamda ularni uzluksiz ish rejimiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Bu tajriba asosida joriy yilda poytaxtda 3 mingga yaqin ish o‘rnini yaratish rejalashtirilgan.

Baxtiyor Haydarov Toshkent shahridagi noturarjoy obyektlaridan samarali foydalanish choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Hozirda poytaxtda 400 dan ortiq yerto‘lalar belgilab olinib, ularda yangi loyihalarni amalga oshiruvchi tadbirkorlar tanlangan. Uning doirasida esa 850 ta yangi ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Haydarovning aytishicha, 2025-yilda Toshkentda 1,5 mln aholining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, bu maqsadga erishish uchun nafaqat poytaxt aholisi, balki hududlardagi ishsiz fuqarolar ham poytaxtga jalb etish choralari ko‘riladi.