“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 23 yoshli yigit cho‘kib ketdi
31-iyul kuni taxminan soat 16:00 da poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi “Orzular sohili” dam olish maskanida 23 yoshli yigit suvda cho‘kib halok bo‘ldi. Marhum S.D. tanishi bilan birga hordiq chiqarish uchun mazkur hududga kelgan.
Voqeaga guvoh bo‘lgan shaxslarning so‘zlariga ko‘ra, soat 16:25 atrofida plyajda bo‘lgan mehmonlardan biri yigitni suvda harakatsiz holatda, boshi suvga botgan holda ko‘rib qolgan. U zudlik bilan suvga sakrab, yigitni qirg‘oqqa olib chiqqan.
Shundan so‘ng voqea joyiga dam olish maskanining navbatchi tibbiyot xodimlari yetib kelgan. Biroq ko‘rsatilgan birinchi yordamga qaramasdan, yigitning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Dastlabki sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, o‘limga suv bilan nafas yo‘llarining to‘silib qolishi – mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
Kriminalistlar hodisa sodir bo‘lgan hududni ko‘zdan kechirib, tahlil uchun suv namunalarini olishgan. Mazkur holat yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
“Orzular sohili” dam olish maskanida bu kabi holatlar yuzaga kelgani xavfsizlik masalalarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqmoqda. Voqea yuzasidan so‘ralgan mutasaddilar dam olish maskanida necha nafar qutqaruvchi borligi, xavfsizlik belgilarining mavjudligi, vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan nazorat tekshiruvlari haqida hozircha rasmiy izoh bermadi.
Shuningdek, dam oluvchilarga suv xavfsizligi bo‘yicha yetarli tushuntirish berilishi, xavfli hududlar belgilanishi va tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish tizimining samaradorligi yuzasidan savollar ochiq qolmoqda.
Ayni paytda marhum yigitning shaxsiy ma’lumotlari, yaqinlariga ko‘rsatilayotgan yordam va tergovning keyingi bosqichlari yuzasidan rasmiy bayonotlar kutilmoqda.




