20:14 / 12.02.2025
42 436

Vayron boʻlgan Gʻazoni qayta tiklash qancha mablagʻ talab qiladi?


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish Gʻazo sektoridagi urushdan soʻng hududni qayta tiklash va taʼmirlash uchun 53 milliard AQSH dollardan ortiq mablagʻ sarflanishi mumkinligini aytdi. Bu haqida “France 24” nashri xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Gʻazo sektori oʻrta va uzoq muddatli tiklanish rejimida qayta quriladi. Dastlabki uch yil ichida hududni qayta taʼmirlash uchun taxminan 20,5 mlrd AQSH dollar kerak boʻladi. Qolgan mablagʻlar uzoq muddatli tiklanish rejimi doirasida sarflanishi belgilangan.

“Eng koʻp xarajatlar savdo va sanoat, uy-joy, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohalariga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan”, — deyiladi Guterrish hisobotida.

Jumladan, 2023-yilning 7-oktyabridan buyon davom etib kelayotgan mazkur mojaro oqibatida Gʻazo sektoridagi turar-joy binolarining 60 foizdan ortigʻi, yoʻllarning 65 foizi va maktablarning 88 foizi vayronaga aylangan. Ishsizlik darajasi 80 foizgacha ortib, ikki millionga yaqin inson oʻz yashab turgan uylarini tashlab ketishga majbur boʻlishgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, HAMAS harakati vakili Sami Abu Zuhriy Gʻazo sektoriga kirishning xavfsizligi taʼminlansa hamda mamlakat toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlansa vayron boʻlgan hududlarning toʻliq tiklanishiga 5-yildan 7-yilgacha vaqt ketishi haqida aytib oʻtgan edi.



Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing