Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlandi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 2025-yil oxirigacha migrantlarga taksi haydovchisi sifatida ishlash rasman taqiqlandi. Bu haqda mahalliy rasmiylar ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarning taksi xizmatida ishlashi man etiladi. Rasmiylarga ko‘ra, bu qaror shahar yo‘lovchi tashish tizimini tartibga solish, xizmat sifatini oshirish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Taqiq doirasida:
– Ish beruvchilarga ushbu talabni bajarish uchun 3 oylik muhlat beriladi;
– Ular patent bilan ishlayotgan haydovchilarni ishdan bo‘shatib, ularning o‘rniga mehnat bozoridan boshqa nomzodlarni jalb qilishi lozim bo‘ladi.
Mazkur cheklov migrant haydovchilarning ish faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi va ko‘plab fuqarolar uchun muhim daromad manbaidan ayrilish xavfini tug‘diradi.
Tegishli idoralar ushbu tartib qanday amalga oshirilishi yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar va nazorat mexanizmlarini ishlab chiqmoqda.




