Tramp: “G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish kelasi haftada amalga oshishi mumkin”
Donald Tramp G‘azo sektorida tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralar borasida ijobiy prognoz bildirdi. U 2025-yil 27-iyun kuni Oq uyda jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida bu haqda bayonot berdi:
“Ko‘pchilik so‘rayapti va menimcha, bu jarayon juda yaqin. Men hozirgina muzokaralarda ishtirok etayotgan ayrimlar bilan gaplashdim. G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar dahshatli. Biz umid qilamizki, kelasi hafta davomida o‘t ochishni to‘xtatishga erishiladi,” — dedi Tramp.
Shuningdek, u AQSh mazkur hududga yordam ko‘rsatayotganini ta’kidlab, quyidagicha fikr bildirdi:
“Biz u yerga ko‘p miqdorda mablag‘ va oziq-ovqat yetkazmoqdamiz. Nazariy jihatdan bu bizning masalamiz emasdek ko‘rinsa-da, amaliyotda bevosita aralashyapmiz, chunki odamlar halok bo‘layapti.”
Donald Trampning bu bayonoti, Falastin-Isroil ziddiyatida navbatdagi bosqichga chiqayotgan tinchlik muzokaralari fonida yangramoqda. G‘azoda yuz berayotgan harbiy harakatlar, minglab tinch aholining hayotiga zomin bo‘layotgani sababli xalqaro hamjamiyat zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori bo‘lib chiqmoqda.




