12:10 / 17.02.2025
34 502

Samarqandda elektr va gaz korxonalarining 7 nafar xodimi qamoqqa olindi


Samarqandda energetika sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Samarqand viloyatida energetika tizimida korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va sohaga shaffoflik olib kirish maqsadida tanqidiy yigʻilish tashkil etildi.

Bosh prokuror oʻrinbosari Sh.Aminov rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda elektr va gaz taʼminoti korxonalaridagi korrupsion holatlar, ularni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar muhokama qilingan.

Tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari Samarqand viloyati hamda shahar va tuman filiallari xodimlari, shuningdek, boshqa masʼul rahbarlar ishtirok etdi.

Ahamiyatlisi shundaki, yigʻilish jarayonida korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan yetti nafar xodimga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Ushbu choralar sohaga tizimli oʻzgarishlar kiritish yoʻlidagi qadamlardan biridir.

Shuningdek, yigʻilish davomida taʼminot korxonalarida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy qarorlar qabul qilindi. Masʼul rahbarlarga ijro va mehnat intizomini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi profilaktika choralarini kuchaytirish hamda tizimni toʻliq nazoratga olish boʻyicha aniq topshiriqlar berilgani ham aytilmoqda.

Mazkur yigʻilish Samarqand viloyatida energetika sohasi faoliyatini korrupsiyadan xoli holda tashkil etish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatish borasida muhim qadam boʻlishi kutilyapti.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing