Prezident davlat banklari ayrim xizmatlarda xususiy banklardan orqada qolayotgani haqida gapirdi
Prezident raisligida oʻtayotgan yigʻilishida moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirish boʻyicha aniq rejalar belgilangani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev davlat banklari onlayn xizmatlar, aholi uchun jozibador yangi mahsulotlar yaratishda xususiy banklardan orqada qolib ketayotganini aytdi.
Misol uchun, oʻtgan yili xususiy banklarda masofaviy xizmatdan foydalanuvchilar soni 32 foizga oshgan boʻlsa, davlat banklarida bor-yoʻgʻi 13 foizga oshgan.
Banklar joriy yilda masofaviy xizmat koʻrsatishni kamida 30 foizga oʻstirishi muhimligi taʼkidlandi. Misol uchun, kadastr, soliq, adliya idoralarining bazasi banklar axborot tizimiga integratsiya qilinsa, garovga qoʻyilgan mulkni notariusga borib, taqiq qoʻyish amaliyoti bekor boʻladi.
Mutasaddilarga onlayn kredit olish tartibini soddalashtirish boʻyicha qaror ishlab chiqib, kiritish topshirildi.
Soʻnggi yillarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Olmazor tumanidagi 17 ta koʻchadan oʻtgan 7,3 kilometr uzunlikdagi yoʻlni gastronomik koʻchaga aylantirish loyihasi maʼqullandi. Ushbu koʻchada 250 ta savdo va servis obyektlari tashkil qilinib, kamida 1,5 ming ish oʻrni yaratiladi.
Poytaxtdagi yana 26 ta koʻchani tunu-kun ishlaydigan gavjum koʻchaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini 1 mingtaga koʻpaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Turistlar bildirgan fikrlarni inobatga olib, turizm va servis joylarini kechqurun ham ishlaydigan qilish kerakligi taʼkidlandi.




