Nukus va Urganch aeroportlari faoliyati cheklandi
O‘zbekistondagi ikkita aeroportlarni quyuq tuman qoplagani tufayli havo kemalarini qabul qilish va uchirilishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Sankt-Peterburg – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha HY-9638 reysi samolyoti soat 06:04 da Buxorodagi muqobil aerodromga qo‘ngan. Toshkent – Urganch/Urganch – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-51/52 reyslari ham kechiktirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Toshkentdan Urganchga soat 12:00 ga, qaytish reysi esa soat 14:15 ga ko‘chirilgan.
Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent - Nukus yo‘nalishi bo‘yicha HY-11 reysi ham Nukusdagi tuman sabab mahalliy vaqt bilan soat 11:30 ga qoldirilgan.
Bundan tashqari, noqulay ob-havo sharoiti tufayli Farg‘ona aeroportida samolyotlarni qabul qilishga cheklovlar joriy etilgan. “Silk Avia” aviakompaniyasining Toshkent - Farg‘ona yo‘nalishidagi US-401 reysi mahalliy vaqt bilan soat 11:20 ga ko‘chirilgan. Keyinchalik, cheklovlar bekor qilingan va hozirda Farg‘ona aeroporti odatdagi rejimda ishlamoqda.




