12:18 / 17.12.2024
138 661

“Umra” ziyorati bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi

 

“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 oktyabrdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur qaror talablariga muvofiq, mamlakatimizda jami 12 ta tadbirkorlik sub’ekti, ya’ni Toshkent shahrida 6 ta, Namangan viloyatida 3 ta, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida esa bittadan turistik firma “Umra” tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘ldi.

Lekin, huquq-tartibot idoralari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida mazkur o‘rnatilgan talablarni chetlab o‘tib, fuqarolarni “Umra” safariga yuborishga urinish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Marg‘ilon shahrida yashovchi M.A. vakolati bo‘lmasa-da Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 5 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, xizmati evaziga 5700 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Uchko‘prik tumanida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari O.M. tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, 2 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Qo‘qon shahrida kuzatilgan holatda, mahalliy turistik firma ish yurituvchisi A.J. 2 nafar fuqaroni aldab, ularni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 2400 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing