O‘zbekistonda “sun’iy chegirmalar” taqiqlanishi mumkin: Raqobat qo‘mitasidan yangi qonun loyihasi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan sotish va chegirmali aksiyalar tartibini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat qabul qilinsa, bozorda keng tarqalgan “sun’iy chegirmalar” amaliyotiga barham berilishi mumkin.
Loyihaning asosiy mazmuni:
Sotuvchilar mahsulotga chegirma e’lon qilishdan 30 kun oldingi haqiqiy narx haqida iste’molchiga aniq ma’lumot berishga majbur bo‘ladi. Narx o‘zgarishi asossiz bo‘lsa yoki tasdiqlanmasa, chegirma qonuniy hisoblanmaydi.
Shuningdek, har qanday chegirmali aksiya yoki sotuv haqida kamida 10 kun oldin soliq organlariga axborot taqdim etilishi shart bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra quyidagi talablarga amal qilinadi:
- Chegirmadan oldingi narxlar shaffof va tasdiqlangan bo‘lishi kerak;
- Narx belgilarida chegirma miqdori yoki foizi, amal qilish muddati va boshqa shartlar to‘liq ko‘rsatilishi lozim;
- Aksiya cheklangan miqdordagi mahsulot yoki eski zaxiralarni tugatishga oid bo‘lsa, bu haqida alohida axborot berilishi shart;
- E’lon qilingan aksiya shartlarini o‘zgartirish qat’iyan man etiladi.
Xalqaro tajriba asosida
AQSH, Yevropa Ittifoqi va Osiyo davlatlarining tajribasini o‘rgangan mutaxassislar bu chora-tadbirlar orqali adil savdo muhitini yaratish, iste’molchilarni himoya qilish va sog‘lom raqobatni rivojlantirish mumkinligini ta’kidlamoqda.
Muhokama muddati:
Qaror loyihasi 2025-yil 5-iyulgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Fuqarolar va tadbirkorlar ushbu davr mobaynida o‘z fikr va takliflarini bildirishi mumkin.




