Rossiya kompaniyalari 7 ming nafar o‘zbekistonlikni ishga jalb qiladi
Patent olishda zarur bo‘lgan rus tili imtihonini topshirish Toshkentda ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Mehnat migrantlari uchun rus tili imtihonlarini O‘zbekistonda topshirish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik va Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi toirasida Moskva shahar meriyasi rahbariyatining o‘rinbosari Mariya Bagreyeva va Moskva viloyatidagi “Saxarova” migratsiya markazi mas’ullari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda Rossiyada vaqtincha ishlamoqchi bo‘layotgan O‘zbekiston fuqarolariga yashash va ishlash uchun ruxsatnoma (patent) rasmiylashtirish jarayonlarini yengillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, “Saxarova” markazining Toshkentdagi filiali faoliyatini takomillashtirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Tomonlar hamkorlikda patent olishda zarur bo‘lgan rus tili imtihonini filialda ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida agentlik direktori Behzod Musayev Rossiyadagi 20 ga yaqin yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazdi.




