00:11 / 22.12.2025
3 092

Elektron retseptlar savdolarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

O‘zbekistonda elektron retseptlar tizimi joriy etilishi dorixonalarda retsept bo‘yicha dori vositalari savdosiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi. Mamlakat miqyosida o‘tkazilgan pilot loyiha natijalari shuni ko‘rsatdiki, bozorda kutilgan “to‘xtash” yoki keskin pasayish kuzatilmagan. Bu haqda tahlilchi Erkin Karimov ma’lum qildi.

2025 yil 10 dekabrdan boshlab elektron retseptlar Toshkent shahri hamda yana 15 ta hududda bosqichma-bosqich ishga tushirildi. Yangi tartibga ko‘ra, shifokorlar dori vositalarini xalqaro nomenklatura asosida yozib berayapti, dorixonalar esa faqat QR-kodli elektron retsept orqali dori sotmoqda. Bu jarayon dorilar aylanmasini shaffoflashtirish, o‘zboshimchalik bilan sotuvni cheklash va bemor xavfsizligini oshirishni maqsad qiladi.

Tahlillar Datfo Analytics kompaniyasi tomonidan 300 dan ortiq dorixona ko‘rsatkichlari asosida amalga oshirildi. Mutaxassislar elektron retseptlar joriy etilishidan oldingi va keyingi davrni solishtirib, real bozor reaksiyasini baholadi. Ko‘pchilik taxmin qilganidek, retsept talabining qat’iylashishi savdoni keskin tushirib yubormagan.

Ayrim dorilar bo‘yicha talab hatto oshgani qayd etildi. Masalan, “Fanigan” analgetigining kunlik sotilishi o‘rtacha 45,8 tabletkadan 54 tabletkagacha ko‘tarildi. “Azimak 500 mg” antibiotigi esa kuniga 2,3 qutidan 2,6 qutigacha sotila boshladi. Bu holat bemorlar va shifokorlar yangi tizimga tez moslasha olganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda “Levomak 500 mg” dorisiga bo‘lgan talab deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Hayotiy muhim preparatlar segmentida ham jiddiy tebranish kuzatilmadi: masalan, “Insulatard” insulini savdosi taxminan 5 foizga kamaygan, ammo umumiy talab barqaror saqlanib qolgan.

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, dorixonalarda elektron retseptlar tufayli kutilgan salbiy ssenariy amalga oshmadi. “Bozor ishlashda davom etyapti, bemorlar esa kerakli dorilarni olishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmadi”, — deya ta’kidlanadi tahlilda.

Avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retseptlar tizimining maqsad va mexanizmlari bo‘yicha jamoatchilikka tushuntirish bergan edi. Amaldagi natijalar esa bu islohot dorixona bozori uchun og‘riqsiz kechayotganini ko‘rsatmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing