Qarshidagi ovqatlanish shoxobchasida noqonuniy gaz ishlatilgani aniqlandi

Qashqadaryo viloyati hududida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. “O‘zenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmasi hamda gaz ta’minoti korxonasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida qoidabuzarlik fosh etildi.
Tekshiruvlar Qarshi shahrida joylashgan “G. O.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasida olib borildi. Nazorat natijalariga ko‘ra, ushbu obyektda o‘zboshimchalik bilan ortiqcha gaz anjomlari o‘rnatilib, tabiiy gazdan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi.
Gaz ta’minoti korxonasining dastlabki hisob-kitoblariga asosan, ushbu qoidabuzarlik natijasida 163 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ayni paytda ish bo‘yicha huquqiy baholash ishlari olib borilishi kutilmoqda.