15:30 / 20.12.2025
1 951

Toshkent bozorlarida yangi yil yarmarkalari faoliyati boshlandi

Toshkent shahri dehqon bozorlarida Yangi yil bayrami arafasida an’anaviy savdo yarmarkalari o‘z ishini boshladi. Poytaxt hokimiyati ma’lum qilishicha, mazkur yarmarkalar bayram oldidan ochilib, barcha dam olish hamda bayram kunlari davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi.

Yarmarkalarda aholi uchun eng zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining keng turlari taklif etilmoqda. Mazkur tashabbus bayram kunlari talab keskin ortishi natijasida narx-navo sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, har bir bozor mamlakatning muayyan hududiga biriktirilgan. Bu esa fermer va dehqonlarga mahsulotlarni viloyatlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri poytaxtga olib kelish, vositachilarni chetlab o‘tib, iste’molchilarga bevosita sotish imkonini beradi. Natijada mahsulotlar narxi nisbatan barqaror saqlanishi va sifat kafolatlanishi kutilmoqda.

Aytilishicha, savdo yarmarkalarida go‘sht, sut mahsulotlari, sabzavot va mevalar, shuningdek, kundalik ehtiyoj uchun muhim bo‘lgan boshqa tovarlar ham mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent dehqon bozorlarida tashkil etilgan Yangi yil savdo yarmarkalari 2026 yil 10 yanvargacha davom etadi. Bu esa poytaxt aholisiga bayram kunlarida qulay va hamyonbop xarid qilish imkonini yaratadi.


Toshkent shahri, Yangi yil, Savdo yarmarkalari, Oziq-ovqat, Qishloq xo‘jaligi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing