Xitoy bozoridagi pasayish Nike aksiyalariga jiddiy bosim qildi

Dunyoga mashhur Nike kompaniyasining aksiyalari Xitoy bozoridagi savdo natijalarining kutilganidek chiqmagani ortidan keskin qiymat yo‘qotdi. Choraklik moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan keyin kompaniya aksiyalari qariyb 10 foizga arzonlashdi. Qizig‘i shundaki, hisobotdagi asosiy ko‘rsatkichlar tahlilchilar prognozlaridan yuqori bo‘lsa-da, investorlar e’tibori asosan Xitoydagi sust dinamikaga qaratildi.
2025 yil 30 noyabrda yakunlangan chorakda Nike'ning umumiy daromadi 12,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 foizlik o‘sishni anglatadi. Bir aksiyaga to‘g‘ri kelgan foyda esa 0,53 dollarni tashkil qilib, bozor kutgan ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, LSEG tomonidan shakllantirilgan konsensus prognozga ko‘ra, kompaniya daromadi 12,1 milliard dollar, aksiyadan foyda esa 0,37 dollar bo‘lishi kutilgan edi. Ammo ijobiy raqamlarga qaramay, sarmoyadorlarni eng ko‘p xavotirga solgan jihat — Xitoy bozoridagi uzoqqa cho‘zilayotgan pasayish bo‘ldi.
Xususan, Buyuk Xitoy hududidagi savdo hajmi 17 foizga qisqarib, 1,42 milliard dollarga tushdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu pasayish bir necha chorakdan beri davom etib kelayotgan barqaror salbiy tendensiyani aks ettiradi.
Bundan tashqari, kompaniyaning boshqa moliyaviy ko‘rsatkichlari ham ijobiy taassurot qoldirmadi. Nike'ning sof foydasi 32 foizga kamaydi, yalpi foyda marjasi esa tariflar va xarajatlar bosimi sababli 3 foiz punktga pasayib, 40,6 foizni tashkil qildi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni o‘z ichiga olgan Nike Direct kanallari orqali daromad 8 foizga qisqargan bo‘lsa, raqamli savdo segmentida pasayish ikki xonali foizlarda qayd etildi. Kompaniya rahbariyati kelgusi chorakda ham marjaga bo‘lgan bosim saqlanib qolishini va umumiy daromad biroz kamayishini istisno etmayapti.
Shu bilan birga, Nike boshqaruvi hozirgi vaziyatni biznesni qayta tiklash va moslashuv bosqichi sifatida baholamoqda. Kompaniya kelgusida strategiyani yangilash orqali asosiy bozorlarda o‘sish sur’atlarini tiklashni maqsad qilgan.