17:26 / 20.12.2025
3 867

Xabib Rossiya ommaviy axborot vositalarini ochiq tanqid qildi

UFC'ning sobiq chempioni Xabib Nurmagomedov Rossiya ommaviy axborot vositalarining axborot siyosatiga nisbatan keskin va ochiq munosabat bildirdi. U o‘zining Telegram kanali orqali jamiyatda qaysi mavzularga e’tibor qaratilayotgani va qaysi fojealar deyarli sukut bilan qarshi olinayotganini tanqid ostiga oldi.

Nurmagomedovning ta’kidlashicha, aeroportda hech kimga xalaqit bermasdan, tinch holda namoz o‘qigani ayrim Telegram kanallari va nashrlar tomonidan keng muhokama qilingan. Biroq, Moskva viloyatiga yaqin Odinsovo hududida maktabda sodir etilgan dahshatli hujum va bolaning halok bo‘lishi ommaviy axborot vositalarida deyarli e’tiborsiz qolgan.

«Aeroportda, qaysidir burchakda, hech kimga xalaqit qilmasdan namoz o‘qiganim haqida o‘nlab Telegram kanallari izoh qildi. Ammo maktabda sodir etilgan vahshiylik, bolaning o‘ldirilishi haqida qariyb hech kim fikr bildirmadi. Bu holat men uchun juda g‘alati», — deb yozdi Xabib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u tilga olgan fojea 16 dekabr kuni ertalab Moskva viloyatining Odinsovo okrugiga qarashli Gorki-2 qishlog‘idagi maktabda sodir bo‘lgan. Tergov organlari ma’lum qilishicha, 15 yoshli o‘smir ta’lim muassasasiga pichoq va qo‘lbola portlovchi qurilma bilan kirgan.

Hujum davomida u maktab qo‘riqchisiga hamda 10 yoshli to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyevga pichoq bilan zarba bergan. Eng dahshatli jihati — o‘smir sodir etgan harakatlarini telefon orqali videoga ham olib borgani aytilmoqda.

Xabib Nurmagomedovning bu chiqishi jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ko‘plab muxlislar va foydalanuvchilar uni qo‘llab-quvvatlab, jamiyatda haqiqiy muammolarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlamoqda. Uning fikricha, axborot maydonida sensatsiya ortidan quvish emas, balki inson hayoti va xavfsizligi bilan bog‘liq voqealar birinchi o‘rinda turishi kerak.


Xabib Nurmagomedov, Rossiya ommaviy axboroti, Axborot siyosati, Moskva viloyati, Jamiyat muammolari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing