Munisa Rizayevaning “Setora” guruhi bilan bolalik orzusi ro‘yobga chiqdi!

“Setora” guruhining navbatdagi konsertida kutilmagan va juda ta’sirli lahza kuzatildi. Mashhur xonanda Munisa Rizayeva konsert davomida “Setora” guruhi bilan birga sahnaga chiqib, duet qo‘shiq ijro etdi.
Munisaning aytishicha, mazkur taklif unga prodyuser Davron Kabulov tomonidan berilgan.
“Munisaxon, 'Setora' guruhi bilan duet aytsangiz bo‘ladimi?” degan taklif bo‘ldi. Men esa hech ikkilanmasdan: “Albatta! Bu mening yoshligimdagi eng katta orzum edi”, deb javob berdim”, — deydi xonanda.
Munisa Rizayeva bolaligidan “Setora” guruhining ashaddiy muxlisi bo‘lganini ham yashirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalik paytida xonaning devorlari guruh a’zolarining plakatlari va rasmlari bilan to‘lib turgan.
“Ayniqsa, Kamilani juda yaxshi ko‘rar edim, chunki u bilan chehramiz juda o‘xshash. Bugun esa o‘sha orzum sahnada amalga oshdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Munisa so‘zining yakunida orzu qilish va unga ishonish inson uchun eng muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi:
“Odam albatta orzu qilsa, orzulariga yetadi. Bejizga 'yaxshi niyat — yarim davlat' deyishmaydi. Shuning uchun inson o‘z orzulariga ishonishi kerak — ular albatta ushaladi. Men 'Setora' guruhini yaxshi ko‘raman va mana, orzum ro‘yobga chiqdi”, — dedi xonanda.
