
NASAning PUNCH missiyasi Quyosh haqida ilgari kuzatilmagan darajada batafsil tasvirlarni taqdim etdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, kosmosda taxminan 13 ming kilometr masofada joylashgan to‘rtta kichik sun’iy yo‘ldosh birgalikda “virtual teleskop” sifatida ishlab, Quyoshning tashqi atmosferasi — toj va quyosh shamolini bir butun holda suratga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Janubi-g‘arbiy tadqiqot instituti rahbarligida amalga oshirilayotgan missiya ishga tushirilganidan atigi bir yil o‘tib muhim natijalar berdi. Xususan, noyabrda AQSH hududi bo‘ylab qutb nurlarini keltirib chiqargan kuchli quyosh bo‘roni batafsil kuzatildi. Bu ma’lumotlar kosmik ob-havoni yaxshiroq anglash va oldindan bashorat qilishga xizmat qiladi.
Tizim Quyoshdan ajralib chiqadigan plazma bulutlari — koronal massa otilishlari va quyosh shamolining harakatini aniq ko‘rsatmoqda. Shuningdek, boshqa teleskoplar ilg‘ay olmaydigan kuchsiz va noyob kometalar ham aniqlangan, jumladan qariyb 40 kun kuzatilgan yulduzlararo kometa.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ilg‘or kameralar Quyosh nurini trillion martadan ortiq susaytirib, juda nozik jarayonlarni ham ochib bermoqda. Bu esa Quyosh tizimidagi yaqin muhitimizni yanada chuqurroq tushunish imkonini yaratadi.