21:45 / 19.12.2025
1 759

Navoiy universiteti mansabdori pora bilan ushlandi

Navoiy davlat universitetida korrupsiya bilan bog‘liq navbatdagi holat aniqlandi. Ta’lim muassasasining mansabdor xodimi 35 million so‘m miqdorida pora olgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati rasmiy axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida maxsus tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Navoiy davlat universitetining mansabdor shaxsi ushbu oliy ta’lim muassasasidagi o‘quv xonalarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga xizmat haqi sifatida to‘lanishi lozim bo‘lgan 189 million so‘m mablag‘ni MCHJning hisob raqamiga o‘tkazib berish evaziga ta’magirlik yo‘li bilan 35 million so‘m talab qilgani va uni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangani aniqlangan.

Hozirda ushbu mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi, ya’ni pora olish jinoyatining 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs ilgari ham sudlangan bo‘lgan, ammo avvalgi xatosidan yetarli xulosa chiqarmagan.


Navoiy davlat universiteti, Davlat xavfsizlik xizmati, Korrupsiyaga qarshi, Iqtisodiy jinoyatlar, Jinoyat kodeksi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing