
Bekobod shahrida jamoatchilikni larzaga solgan og‘ir jinoyat holati yuzasidan yangi tafsilotlar ochiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar bo‘limi xodimi avtomashinada 43 yoshli erkakni urib o‘ldirganidan so‘ng, jasadni yashirishga urinib, bu ishga turmush o‘rtog‘ini ham jalb qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 11 dekabr kuni sodir bo‘lgan. IIBning katta tezkor vakili D.N. Nexia rusumli avtomashinani mast holda boshqarib, fuqaro B.U.ni urib ketgan. Shundan so‘ng u jabrlanuvchini mashinasiga yuklab, hodisa joyidan uzoqroq hududga olib chiqqan va rafiqasi Z.N.ni chaqirgan.
Ayol Matiz avtomashinasida kelib, jasadni bir mashinadan ikkinchisiga ko‘chirishda yordam bergan. Keyin ular jasadni Bekoboddan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Farhod kanaliga tashlab ketishgan. Jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmagani uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
12 dekabr kuni D.N. qo‘lga olinib, sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266 va 117-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Rafiqasining ishga aloqadorligi esa avtomashina tekshiruvi davomida aniqlangan.
Ayni paytda marhumning jasadini topish, shuningdek, barcha holatlarga aniqlik kiritish bo‘yicha tezkor-qidiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.