18:47 / 16.12.2025
1 520

Lamin Yamal 2025 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb tan olindi

Xalqaro futbol tarixi va statistika federatsiyasi (IFFHS) tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi ovoz berish natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Barselona» hujumchisi Lamin Yamal 2025 yilda dunyoning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Yosh iste’dod ushbu nominatsiyada raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirdi.

IFFHS ma’lumotlariga ko‘ra, Lamin Yamal jami 233 ochko to‘plab, reytingda mutlaq yetakchi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni 90 ochko bilan Dezire Due egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikni 50 ochkoga ega Estevao yakunladi. Shuningdek, ro‘yxatning yuqori qismida Arda Gүler (30), Pau Kubarsi (19), Kenan Yildiz (10), Uorren Zair-Emeri (7), Franko Mastantuono (5), Rodrigo Mora (4) va Obed Vargas (1) ham qayd etildi.

Eng ko‘p ovoz to‘plagan futbolchilar:

1. Lamin Yamal – 233 ochko

2. Dezire Due – 90 ochko

3. Estevao – 50 ochko

4. Arda Gүler – 30 ochko

5. Pau Kubarsi – 19 ochko

6. Kenan Yildiz – 10 ochko

7. Uorren Zair-Emeri – 7 ochko

8. Franko Mastantuono – 5 ochko

9. Rodrigo Mora – 4 ochko

10. Obed Vargas – 1 ochko

Lamin Yamalning bu yutug‘i uning so‘nggi mavsumda ko‘rsatgan o‘yini bilan bevosita bog‘liq. U «Barselona» safida Ispaniya chempionatida barqaror o‘yin namoyish etib, jamoaning asosiy hujum qurollaridan biriga aylandi. Shuningdek, kataloniyaliklar bilan Ispaniya Kubogi va Superkubokda ham g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Yevropa Chempionlar Ligasida ham Yamal jamoasi bilan yarim finalgacha yetib borib, muhim bahslarda o‘zining jasorati, tezligi va texnikasi bilan muxlislar e’tiborini qozondi. Yoshiga qaramasdan, u katta o‘yinlarda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qochmadi.

Mutaxassislar fikricha, Lamin Yamal nafaqat hozirgi, balki kelajak futboli uchun ham katta nomzodlardan biri hisoblanadi. Uning maydondagi qarorlari, o‘yinni his qilish qobiliyati va ishonch bilan harakat qilishi uning yoshlar orasida eng yaxshilardan biri ekanini yana bir bor isbotladi.

Qisqasi, 2025 yil Lamin Yamal uchun katta e’tiroflar yiliga aylandi. IFFHS tomonidan berilgan «yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» unvoni esa uning mehnati va iqtidorining mantiqiy samarasidir. Muxlislar esa endi bu yulduzdan yanada katta yutuqlarni kutishmoqda.


Lamin Yamal, IFFHS tashkiloti, Yosh futbolchi, Barselona jamoasi, Ispaniya chempionati
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing