Bekobodda shov-shuvli YTH: IIO xodimi 43 yoshli erkakni Nexia'da urib o‘ldirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bekobod tumanida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruvi bo‘limi tezkor xodimi Nexia-3 avtomashinasida piyodani urib yuborgan, natijada 43 yoshli erkak halok bo‘lgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, voqea joriy yilning 11 dekabr kuni “Qorasuv–Bo‘ka–Bekobod” yo‘lining 64-kilometrida sodir etilgan. Oq rangli Nexia-3 piyodani urib ketgan va avtohalokat oqibatida B.U. vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 12 dekabr kuni Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi hamda 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayni paytda, halok bo‘lgan fuqaroning murdasini topish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda. Voqea atrofidagi barcha holatlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to‘liq huquqiy baho berilishi kutilmoqda.