21:24 / 18.11.2025
1 459

Istanbulga kelgan 4 kishilik oila zaxarlanib vafot etdi

Germaniyadan Turkiya safariga chiqqan Bo‘jeklar oilasi haqidagi bu juda og‘ir xabar mahalliy va xalqaro ommaviy axborot tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sayohat niyatida Istanbulga kelgan to‘rt kishilik oila — 32 yoshli Sarvat Bo‘jek, uning turmush o‘rtog‘i 27 yoshli Chig‘dam Bo‘jek hamda farzandlari, 6 yoshli Muhammad va 3 yashar Masal — ko‘cha taomlaridan zaharlanib, vafot etdi. Bu fojea nafaqat Turkiyada, balki Germaniyada ham katta iztirob uyg‘otdi.

Oila 9 noyabr kuni Istanbulning eng gavjum Fotih tumanidagi “Harbour Suites Old City” mehmonxonasiga joylashgan. Dastlab hammasi oddiy sayohatdek boshlangan. Biroq 11 noyabr kuni ular mashhur Ortako‘y hududiga borib, midiya, sho‘rva, kolbasa, tovuq go‘shti va kumpir kabi ko‘cha taomlarini iste’mol qiladi. Kechga borib, ahvollari yomonlasha boshlaydi. Oila shoshilinch ravishda shifoxonaga yetkaziladi va ovqatdan zaharlanish alomatlari asosida davolanadi.

Biroz tetiklana boshlagani sabab, ular shifoxonadan chiqarilgan, lekin mehmonxonaga qaytgach, holati yana og‘irlashgan. Qayta shifoxonaga yotqizilganda ham ko‘rilgan muolajalar yetarli bo‘lmagan: 12 noyabr kuni ikki bola hayotdan ko‘z yumgan. Faqat ikki kun o‘tgach, 14-noyabrda onasi, oradan qisqa vaqt o‘tib esa ota Sarvat Bo‘jek ham vafot etgan.

Fojeadan so‘ng Istanbul Bosh prokuraturasi jinoyat ishi ochdi. Tergov doirasida bir nechta shaxslar — midiya do‘koni, turk shirinliklari sotuvchisi, oila ovqatlangan restoran egasi, shuningdek mehmonxona xodimlari va dezinfeksiya xizmati xodimiga qadar — jami 11 kishi hibsga olingan. Restoran muhrlangan, mehmonxona esa to‘liq evakuatsiya qilingan.

Politsiya va mutaxassislar voqea yuz bergan joylardan namunalar olgan, xavfsizlik kameralari tasvirlari o‘rganilmoqda. Sud-tibbiyot laboratoriyasiga yuborilgan tahlillar oila a’zolaridagi o‘lim sabablarini aniqlash uchun ko‘rilmoqda. Adliya vaziri Yilmaz Tunch ta’kidlashicha, barcha tekshiruvlar juda sinchiklab olib borilyapti.

Qolaversa, oila joylashgan mehmonxonada yana ikkita sayyoh ham ko‘ngil aynishi va qusish sababli shifoxonaga yotqizilgan. Ular bilan bir xonada bo‘lgan uchinchi shaxs ham yurak urishining pasayishi bois tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Hozircha rasmiy xulosa berilmagan bo‘lsa-da, tergovchilar bu dahshatli fojeaga aynan qaysi taom yoki qaysi omil sabab bo‘lganini aniqlash uchun barcha ma’lumotni yig‘moqda. Istanbuldagi tekshiruvlar davom etmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing