Nigeriyada maktabga hujum: o‘qituvchi o‘ldirildi, 25 qiz o‘g‘irlab ketildi

Nigeriyaning Kebbi shtatidagi maktab-internatga qurollangan jinoyatchilar hujum qilib, bir o‘qituvchini o‘ldirdi va 25 nafar o‘quvchi qizni o‘g‘irlab ketdi. BBC yozishicha, voqea 17 noyabr kuni tonggi soat to‘rtlarda Maga qishlog‘ida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchilar mototsikllarda maktab hududiga bostirib kirib, avval o‘qituvchini, so‘ngra qo‘riqchini otib o‘ldirgan. Keyin qizlar joylashgan yotoqxonaga kirib, 25 nafar o‘quvchini kuch bilan olib chiqqan.
Shtat politsiyasi vakili Nafiyu Abubakar Kotarkosining aytishicha, jinoyatchilar zamonaviy qurollar bilan qurollangan bo‘lgan va qo‘riqchilar bilan to‘qnashuv ham sodir bo‘lgan. Hozirda maxsus bo‘linmalar tomonidan qidiruv ishlari olib borilmoqda, ammo hujumga oid muhim dalillar hali topilmagan.
Ma’lum ki, Nigeriyaning shimoliy va shimoli-g‘arbiy hududlarida qurolli guruhlar odam o‘g‘irlash va garovga olish bilan shug‘ullanadi. Bunday to‘dalar qishloq va maktablarga bostirib kirib, talonchilik, garovga olish va pul talab qilish kabi jinoyatlarni muntazam amalga oshiradi.