Andijon chorrahasida 4 mashina ishtirokida YTH ro‘y berdi

Andijonning Shahrixon tumanida 4 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Viloyat YHXB ma’lumotiga ko‘ra, bu voqea 16 noyabr kuni “Taraqqiyot” mahallasidagi chorrahada sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, 1994 yilda tug‘ilgan haydovchi S.S. Cobalt mashinasini boshqarib ketayotganda ora masofani saqlamay, chapga burilayotgan boshqa bir Cobalt'ga borib urilgan. Zarba ta’sirida ikkinchi Cobalt qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan Nexia-3 bilan to‘qnashgan.
Shu bilan vaziyat yanada keskinlashgan: Nexia-3 haydovchisi rul nazoratini yo‘qotib, chorrahada to‘xtab turgan Damas'ga kelib urilgan.
Hodisa oqibatida biror kishi jarohat olmagan va transport vositalarning texnik shikasti ham jiddiy emasligi bildirildi. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.