00:36 / 20.12.2025
1 860

UXX O‘rtayer dengizida Rossiya «yashirin floti» tankerini yo‘q qildi (video)

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) so‘nggi yillardagi eng g‘ayrioddiy va keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan maxsus operatsiya amalga oshirilganini ma’lum qildi. Xizmatning rasmiy bayonotiga ko‘ra, Rossiyaga tegishli «yashirin flot» tarkibidagi neft tankeri ilk bor Ukraina hududidan taxminan 2 ming kilometr uzoqlikda, O‘rtayer dengizida yo‘q qilingan.

Gap Qendil nomli kema haqida ketmoqda. Ma’lum qilinishicha, u bir necha bosqichdan iborat rejalashtirilgan maxsus chora-tadbirlar natijasida O‘rtayer dengizining neytral suvlarida UXX Maxsus operatsiyalar markaziga qarashli havo dronlari orqali nishonga olingan. Amaliyot murakkab logistika va aniq razvedka ma’lumotlari asosida o‘tkazilgani ta’kidlanmoqda.

UXX ma’lumotlariga ko‘ra, hujum vaqtida tanker yuksiz bo‘lgan. Shu bois, maxsus operatsiya mintaqadagi ekologik vaziyatga hech qanday xavf solmagan. Xizmat vakillari bu jihat alohida hisobga olinganini qayd etmoqda.

Hujum oqibatida QENDIL tankeri jiddiy shikastlangan va endi undan maqsadli ravishda foydalanish imkoniyati qolmagan. Kema amalda harakatdan chiqarilgan deb baholanmoqda.

Bloomberg taqdim etgan navigatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur neft tankeri Ummon bayrog‘i ostida suzgan. U Hindistondan yo‘lga chiqib, Rossiyaning Ust-Luga portiga qarab harakatlangan. Ukraina tomoniga ko‘ra, aynan shu kabi kemalar Rossiya tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish hamda Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish uchun ishlatilgan.

Mahalliy OAV UXXdagi manbalarga tayanib yozishicha, «tajovuzkor davlat bu tanker orqali qonunbuzar moliyaviy operatsiyalar amalga oshirgan». Shu sababli, xalqaro huquq hamda urush qonunlari nuqtayi nazaridan Qendil UXX uchun qonuniy harbiy nishon hisoblangan. Manbalar ta’kidlashicha, «dushman Ukraina qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, uni topib, zarba berishga qodir ekanini tushunishi kerak».

Bu voqeaga Rossiya tomoni ham munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada bo‘lib o‘tgan yillik matbuot anjumani vaqtida O‘rtayer dengizida Qendil tankeriga zarba berilgani haqida xabar topganini va bunga javob choralari ko‘rilishini bildirdi.

«Hozirgina ma’lumot keldi: O‘rtayer dengizida yana bir tankerimizga hujum qilindi. Buni javobsiz qoldirmaymiz», — dedi Putin.

Rossiya rahbariga ko‘ra, bunday hujumlar hech qachon kutilgan natija bermaydi, ta’minot zanjirlarini izdan chiqarmaydi va aksincha, qo‘shimcha xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, u bunday harakatlar misli ko‘rilmagan keskinlashuvga olib kelishi va mojaroni yanada chuqurlashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Shu tariqa, O‘rtayer dengizidagi mazkur hodisa Ukraina–Rossiya qarama-qarshiligining yangi va xavfli bosqichga o‘tayotganidan darak bermoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing