Erondan qurol tashigan kemalar: Kaspiy dengizida zarba berildi!

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bo‘linmasi “Chernaya Iskra” (Qora Uchqun) nomli isyonchi harakat bilan hamkorlikda Kaspiy dengizida Rossiyaga tegishli ikkita kemaga — “Kompozitor Raxmaninov” va “Askar-Saridja”ga zarba berdi. Bu kemalar harbiy maqsadlarda foydalaniladi va Eron bilan Rossiya o‘rtasidagi harbiy yuklarni tashishda ishtirok etgani uchun AQSH sanksiyalari ostida bo‘lgan. Bu haqda 12 dekabr, juma kuni UQK Maxsus operatsiyalar kuchlarining Telegram-kanali xabar tarqatdi.
Kaspiy dengizidagi hujum tafsilotlari
Xabarda aytilishicha, hujum Kaspiy dengizi akvatoriyasida, Qalmiqiston Respublikasi sohillari yaqinida sodir etilgan. Hujum vaqtida kemalar Ukrainaga qarshi urushda qo‘llanadigan qurol-yarog‘ va harbiy texnikani tashiyotgan bo‘lgan.
UQK ta’kidlashicha: "Isyonchi harakat vakillari zarba berilgan kemalarning yo‘nalishi va yuki haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi".
Hujum oqibatlari borasida aniq ma’lumot berilmagan. Rossiya hokimiyati va RF Mudofaa vazirligi Kaspiy dengizidagi kemalarga zarba berilgani haqidagi bu bayonotni izohlamagan.
Ukrain harbiylari: “Maxsus operatsiyalar kuchlari Rossiya armiyasining hujumkor salohiyatini susaytirish maqsadida asimmetrik harakatlarni qo‘llashda davom etmoqda”.
Neft platformalari nishonga olindi
DW bilan suhbatlashgan Ukraina maxsus xizmatidagi manbaning ma’lum qilishicha, Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU)ning “Alfa” maxsus operatsiyalar markaziga tegishli uzoq masofali dronlar Kaspiy dengizidagi Filanovskiy nomi berilgan neft qazib olish platformasini ham nishonga olgan.
Platforma “Lukoyl-Nijnevoljskneft” kompaniyasiga qarashli bo‘lib, hujum natijasida uning ishi to‘xtatilgan.
SBUdagi manbaga ko‘ra, bu — Ukraina tomonidan Kaspiy dengizida Rossiyaning neft qazib olish bilan bog‘liq infratuzilmasi birinchi marta nishonga olinishi.