23:54 / 19.12.2025
2 606

Putin iqtisod, budjet va aktivlar haqida ochiq gapirdi

Moskvada 19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida yil yakuniga bag‘ishlangan bevosita aloqa va katta matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Qariyb 4,5 soat davom etgan muloqot chog‘ida davlat rahbari fuqarolar hamda jurnalistlarni qiziqtirgan eng dolzarb iqtisodiy va moliyaviy masalalar yuzasidan batafsil izoh berdi.

Iqtisodiy o‘sish mavzusiga to‘xtalgan Putin joriy yilda YAIM o‘sishi 1 foizni tashkil etishini bildirdi. Biroq u so‘nggi uch yillik davr kesimida qaralsa, umumiy o‘sish 9,7 foizga yetganini ta’kidladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy sur’atning sekinlashishi tasodifiy emas, balki inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan ongli siyosat natijasi. Davlat oldiga inflyatsiyani kamida 6 foizga tushirish vazifasi qo‘yilgan edi va barcha ko‘rsatkichlar yil oxiriga kelib bu daraja 5,7–5,8 foiz atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Bu esa makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun to‘langan narx sifatida baholanmoqda.

Budjet masalasida esa Rossiya rahbari hukumat faoliyatini ijobiy baholadi. Uning ta’kidlashicha, davlat budjeti muvozanatlashtirilgan va bu muvozanat sifati 2021 yildagi ko‘rsatkichlar darajasida saqlangan. Putin bu holatni mamlakat iqtisodiyoti va moliya tizimining barqarorligiga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida qayd etdi.

Anjumanda Rossiya aktivlarining xorijda musodara qilinishi ehtimoli ham keskin tanqid ostiga olindi. Putin bunday harakatlarni «o‘g‘irlik» emas, balki ochiqdan-ochiq talon-taroj deb atadi. Uning fikricha, bunday qarorlarni qabul qilish oson emas, chunki oqibatlari bevosita bu ishga qo‘l urayotgan davlatlar uchun ham og‘ir bo‘ladi. Ayniqsa, aktivlar bilan ta’minlangan reparatsiya krediti kabi g‘oyalar har bir mamlakat budjetiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushishi mumkin.

Prezident ta’kidlaganidek, bunday qadamlar nafaqat siyosiy, balki moliyaviy ishonchga ham jiddiy zarba beradi. Yevro hududiga bo‘lgan ishonch susayishi ehtimoli bor, chunki ko‘plab davlatlar o‘z oltin-valyuta zaxiralarini aynan shu makonda saqlaydi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy moliyaviy tizimning asosiy poydevorlariga zarar yetkazish hech kim uchun foydali emas.

So‘zining yakunida Rossiya rahbari mamlakat o‘z manfaatlarini, birinchi navbatda, xalqaro sudlar orqali himoya qilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva siyosiy ta’sirdan xoli bo‘lgan adolatli yurisdiksiyani topishga harakat qiladi va oxir-oqibat qanday yo‘l bilan olinmasin, aktivlar qaytarilishi kerak bo‘ladi.


Rossiya prezidenti, Vladimir Putin, Iqtisodiy o‘sish, Inflyatsiya siyosati, Moliyaviy barqarorlik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing