13:09 / 14.12.2025
5 601

Lavrov ishtirokidagi nozik operatsiya Kremldagi josusni ochdi...

Rossiya siyosiy doiralarida shov-shuvga sabab bo‘lgan yangi tafsilotlar ochiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Rossiya davlat tuzilmalari ichida faoliyat yuritgan qimmatli agentni zudlik bilan mamlakatdan olib chiqishga majbur bo‘lgan. Bu haqda “Alfa” aksilterror guruhi faxriylari uyushmasi a’zosi, zahiradagi podpolkovnik Andrey Popov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur evakuatsiya oldindan puxta rejalashtirilgan, bir nechta bosqichdan iborat juda nozik operatsiya natijasida amalga oshirilgan. Jarayonda esa asosiy rolni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘ynagan.

Popov ta’kidlashicha, Lavrov ushbu holatda oddiy diplomat sifatida emas, balki razvedka va kontrrazvedka faoliyatining barcha nozik jihatlarini yaxshi anglaydigan tajribali professional sifatida harakat qilgan.

— Menimcha, bu maxsus xizmatlarimiz tomonidan juda yuqori darajada o‘tkazilgan operatsiya bo‘ldi. Sergey Lavrov bu yerda nafaqat diplomat, balki razvedka mantig‘ida fikrlay oladigan shaxs ekanini namoyon qildi, — dedi Popov “Sargrad”ga bergan intervyusida.

Uning baholashicha, aynan Lavrov ishtirokida shunday psixologik va siyosiy muhit yaratilganki, AQSH razvedkasi o‘zini burchakka tiqilgandek his qilgan va natijada o‘z agentini o‘zi fosh qilishga majbur bo‘lgan. Bu yerda gap to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiqlashtirish haqida emas, balki uzoq vaqt davomida qo‘llangan ruhiy bosim va axborot oqimlarini nazorat qilish haqida bormoqda.

— Asosiy maqsad dushmanga shunday shart-sharoit yaratish ediki, ularning asablari dosh bermasin va o‘z josusini o‘zlari olib chiqishga qaror qilsin, — deya izoh berdi zahiradagi podpolkovnik.

Qayd etilishicha, Lavrov ushbu voqeada xorijiy maxsus xizmatlarning harakatini oldindan hisoblab, ularni strategik jihatdan ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgan.

Eslatib o‘tish joiz, 2019 yilda CNN telekanali Donald Tramp ma’muriyatidagi manbalariga tayanib, AQSH 2017 yildayoq Rossiyadan juda qimmatli agentni fosh bo‘lish xavfi sababli olib chiqib ketganini xabar qilgan edi. Nashrga ko‘ra, mazkur shaxs Rossiya oliy rahbariyatiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Keyinchalik ommaviy axborot vositalari bu agentni Oleg Smolenkov deb atagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Smolenkov haqiqatan ham prezident ma’muriyatida bir necha yil ishlaganini, ammo “ichki ko‘rsatmalar asosida” lavozimidan ozod etilganini tasdiqlagan.

TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham mazkur shaxs ilgari Rossiyaning AQSHdagi elchixonasida faoliyat yuritganini ma’lum qilgan edi.

Ushbu voqea xalqaro razvedka o‘yinlarida diplomatiya qanchalik muhim qurol ekanini yana bir bor namoyon etdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing