IFFHS yilning eng kuchli darvozabonini Donnarumma deb topdi

Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi (IFFHS) yil yakunlariga ko‘ra dunyoning eng yaxshi darvozaboni nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ushbu nufuzli mukofot Janluiji Donnarummaga nasib etdi. Italiya milliy jamoasi va «Manchester Siti» posboni o‘tgan mavsumda ko‘rsatgan barqaror va ishonchli o‘yini bilan mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Donnarumma o‘tgan mavsumni Fransiyaning «PSJ» klubida o‘tkazib, yozgi transferlar davrida APL grandi — «Manchester Siti» safiga qo‘shilgan edi. IFFHS reytingida u jami 169 ochko to‘plab, raqiblaridan katta farq bilan oldinga chiqdi.
Darvozabonlarni baholashda mutaxassislar xalqaro va milliy musobaqalardagi barcha o‘yinlarni, hal qiluvchi seyvlar, barqarorlik va jamoaga qo‘shgan hissani inobatga olgan. Bu borada Donnarummaning ko‘rsatkichlari eng yuqori deb topildi.
Yilning eng yaxshi besh nafar darvozaboni quyidagicha shakllandi:
— 1-o‘rin: Janluiji Donnarumma («PSJ» / «Manchester Siti») — 169 ochko
— 2-o‘rin: Tibo Kurtua («Real») — 65 ochko
— 3-o‘rin: Yan Zommer («Inter») — 59 ochko
— 4-o‘rin: Manuel Noyer («Bavariya») — 50 ochko
— 5-o‘rin: David Rayya («Arsenal») — 40 ochko
Qayd etish joiz, Donnarumma yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon Yevropaning eng kuchli posbonlaridan biri sifatida tan olingan. Ushbu sovrin esa uning faoliyatidagi yana bir muhim yutuq sifatida tarixda qolishi shubhasiz.
Futbol tarixi, Eng yaxshi, Janluiji Donnarumma, Italiya jamoasi, Darvozabon reytingi