08:40 / 15.12.2025
1 941

Gvardiola Nuneshni alqadi: “Siti”da yangi qanot himoyachisi

APLning 16-turi doirasida “Manchester Siti” safarda “Kristal Pelas”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Ishonchli va nazoratli o‘yin ko‘rsatgan “shaharliklar” safida ayniqsa Mateus Nuneshning harakatlari e’tibor markazida bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi ushbu bellashuvda assist qayd etib, bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning alohida maqtoviga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Gvardiola Nuneshning jamoadagi o‘sishini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, Mateus so‘nggi paytlarda o‘z ustida jiddiy ishlamoqda va amalda yangi rol — o‘ng qanot himoyachisi sifatida ochilib bormoqda.

“Mateus Nunesh rivojlanyapti, u ajoyib qanot himoyachisiga aylandi. U juda yuqori darajadagi futbolchi. Xolandga bergan uzatmasi esa fantastik edi”, — dedi Gvardiola.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Nunesh aslida markaziy yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, texnik saviyasi va o‘yinni his qilishi tufayli bunday aniq va xavfli paslarni bemalol amalga oshira oladi. Shu bilan birga, u o‘z tezligini qanotda juda to‘g‘ri qo‘llayapti va himoyada Ruben Diashga ham katta yordam beryapti.

Gvardiola Nuneshning universalligiga ham alohida to‘xtaldi. Ispaniyalik mutaxassisning fikricha, Mateus bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan kamyob futbolchilardan biri bo‘lib, jamoa uchun katta qiymat kasb etadi. “Uning o‘ziga xos tezligi bor. Ilgari bizda bunday tezkor futbolchi yo‘q edi, hozir ham kam”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov jarohat olganidan keyin, aynan Nunesh uning harakat qilayotgan o‘ng qanot himoyasi pozitsiyasida maydonga tusha boshladi va qisqa fursat ichida asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Husanov esa so‘nggi bir necha bahsda zaxirada qolmoqda.

Shu tariqa, Mateus Nunesh “Manchester Siti”da yangi rolda o‘zini namoyon etib, Gvardiolaning ishonchini to‘liq oqlayotgan futbolchilar qatoriga qo‘shildi.


Manchester Siti, Mateus Nunesh, Xosep Gvardiola, qanot himoyachisi, markaziy yarim
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing