13:52 / 20.12.2025
3 774

Leonardo Di Kaprio yana birinchi o‘rinda: Time jurnali uni yil artisti deb e’lon qildi

Leonardo Di Kaprio 2025-yilda yana bir bor dunyo kinosi markazida. Time jurnali aktyorni 2025-yilning eng yaxshi artisti (aktori) deb topdi. Shu munosabat bilan Di Kaprio jurnalning yangi soni muqovasi uchun ham maxsus fotosessiyada ishtirok etdi.

Time'ning rasmiy saytida aktyorning ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli maqola e’lon qilindi. Unda Leonardo Di Kaprioning ilk muvaffaqiyatli bosh rollaridan tortib, Gollivuddagi yo‘li, yetti marta “Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lib, faqat bir marta g‘olib chiqqanligigacha bo‘lgan jarayonlar yoritilgan.

Jurnal mualliflari Di Kaprioni nafaqat mahoratli aktyor, balki hali-hamon tomoshabinlar eng ko‘p ko‘rishni istaydigan san’atkorlardan biri sifatida ta’riflaydi. Maqolada “…uni hozir ko‘rishni, ehtimol, har qachongidan ham ko‘proq istashmoqda”, degan fikr ham keltirilgan.

Shuningdek, jurnalistlar 1993-yilda suratga olingan Boy's Life filmidagi roliga alohida to‘xtalib, aynan shu ish Di Kaprioning katta iqtidor egasi ekanini erta namoyon qilganini ta’kidlashgan.

2025-yilda esa aktyor ishtirok etgan yangi loyiha — One Battle After Another, rejissyor Pol Tomas Anderson tomonidan suratga olingan. Film qisqa vaqt ichida tomoshabinlar va tanqidchilar orasida eng ko‘p muhokama qilingan asarlardan biriga aylanib, “Oltin globus” mukofoti nominatsiyasiga ham sazovor bo‘ldi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing