Og‘ir kasallikka chalingan o‘zbekistonlik ayol va farzandi O‘zbekistonga olib kelindi

Turkiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayol va uning 12 yoshli qizi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Turkiyaga ketgan, biroq og‘ir kasallikka chalinib, murakkab vaziyatga tushib qolgan. U Istanbuldagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan, qizi esa shu vaqt davomida onasi bilan birga bo‘lgan.
Konsullik holatni tezda o‘rganib, zarur yordamni tashkil etgan. Migratsiya agentligi vakolatxonasi ko‘magida oilaning O‘zbekistonga qaytishi uchun hujjatlar tayyorlanib, aviachipta xarid qilingan.
Biroq, ayolning oyog‘i singani sababli parvoz kechiktirilgan. Shifokorlar nazorati ostida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, unga protez qo‘yilgan. Mehnatga layoqatsiz bo‘lgan hamyurtimizning moliyaviy ahvoli og‘irligi bois, unga moddiy yordam ham ko‘rsatilgan.
Qaytishda “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati”, “Uzbekistan Airways” vakillari va diaspora tashkilotlari faol ishtirok etgan.
Hozirda ona va qizining davolanish hamda reabilitatsiya jarayoni O‘zbekistonda davom etmoqda. Ularga Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatilmoqda.